Ijtimoiy tarmoqlar

Toshkent kimyo-texnologiya institutida xalqaro qishki maktab ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi

Toshkent kimyo-texnologiya institutida xalqaro qishki maktab ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi

2025-yil 11-dekabr kuni boshlangan xalqaro qishki maktab O‘sh davlat universitetidan tashrif buyurgan talabalar, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar o‘rtasida o‘zaro bilim va madaniy almashinuvni rivojlantirishga qaratildi.

Dastur doirasida ishtirokchilar Toshkent kimyo-texnologiya institutida faoliyat yuritayotgan yetuk soha olimlari, ta’lim yo‘nalishlari bilan tanishdilar, ilmiy laboratoriyalar faoliyatini o‘rgandilar hamda o‘quv mashg‘ulotlarida bevosita ishtirok etdilar.

Qishki maktab tinglovchilari O‘zbekistonning zamonaviy ta’lim tizimi bilan tanishish, madaniyatlararo muloqot va hamkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, Toshkent shahrining boy madaniy merosini o‘rganish kabi ta’limiy maqsadlarni o‘z oldilariga qo‘ygan edilar. 

Dastur davomida tinglangan ma’ruzalar qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi, “mehmon ma’ruzalar” tashkil etildi hamda ikki davlat pedagoglari o‘zaro fikr almashib, dolzarb masalalar yuzasidan muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

Shuningdek, tinglovchilar O‘zbekistonning qadimiy tarixi va madaniyatini o‘rganish, madaniy almashinuvni rivojlantirish, mamlakatning betakror tabiati va go‘zalligidan bahramand bo‘lish, ijodiy muhitda faoliyat yuritish hamda xalqaro do‘stlik aloqalarini kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Tadbir yakunida qishki maktab ishtirokchilariga Toshkent kimyo-texnologiya institutining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Z.A.Babaxanova tomonidan sertifikatlar topshirildi, O‘sh davlat universiteti delegatsiyasi rahbari, dotsent A.A.Boronbaeva tadbir yuqori saviyada tashkil etilganini ta’kidlab, qishki maktab davomida belgilangan maqsadlardan ham ortiq foydali bilim va tajribaga ega bo‘lganliklarini minnatdorlik bilan qayd etdi. 

Shuningdek, u ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik mustahkamlangani, ta’lim va madaniy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha kelgusida ilmiy tadqiqotlar va akademik almashinuvni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.