Toshkent kimyo-texnologiya institutida xalqaro hamkorlik kelishuvlari imzolandi
2025-yil 11-dekabr kuni “Toshkent: madaniyatlar uyg‘unligi, ma'rifat va ta'lim” mavzusidagi “Xalqaro qishki maktab”doirasida Toshkent kimyo-texnologiya instituti (TKTI) va O’sh davlat universiteti (OshDU) o‘rtasida o‘zaro hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Mazkur oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida dastlabki hamkorlik 2018-yil noyabr oyida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘tgan yillar davomida ikki davlat ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar va yangiliklar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishni taqozo etdi. Shu munosabat bilan 12-dekabr kuni hamkorlik Memorandumi yangilangan mazmunda imzolandi.
Memorandum doirasida tomonlar ta’lim va ilm-fan sohasida hamkorlik qilish, ta’lim dasturlari hamda ilmiy tadqiqotlarning yangi kompleks yo‘nalishlarini rivojlantirish, malaka oshirish tizimida yuqori sifatli mutaxassislarni tayyorlash, akademik mobillikni kengaytirish, hamkorlikning innovatsion shakllarini joriy etish va ta’lim hamda fan integratsiyasini kuchaytirish masalalarini belgilab oldilar.
Bundan tashqari, “Xalqaro qishki maktab” ishtirokchilari tomonidan TKTI “Tillar” kafedrasi bilan ingliz tili yo‘nalishi bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Avvaldan mavjud bo‘lgan “Qirg‘iz tili ilimi”, “Rus tili” va “Rus tilini o‘qitish metodikasi” kafedralari bilan hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanadi.
Uchrashuv yakunida O’sh davlat universiteti Chet tillar kafedrasi va Toshkent kimyo-texnologiya instituti Tillar kafedrasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Ushbu hamkorlik doirasida xalqaro aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma xalqaro anjumanlar tashkil etish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va stajirovkalarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.