Ijara xonadonlarida yashovchi talabalarga "Gazdan xavfsiz foydalanish" bo‘yicha targ‘ibot o‘tkazildi
Joriy yilning 16-dekabr kuni Toshkent kimyo-texnologiya instituti Fuqaro va mehnat muhofazasi bo‘limi tomonidan Favqulodda vaziyatlar vazirligining hududiy bo‘linma vakillari bilan hamkorlikda ijarada yashovchi talabalarga gazdan xavfsiz foydalanish bo‘yicha targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir davomida talabalarga uy sharoitida gaz qurilmalaridan to‘g‘ri foydalanish, gaz oqimi yoki yong‘in xavfi yuzaga kelganda qanday chora ko‘rish, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda tezkor va xavfsiz evakuatsiya qilish bo‘yicha amaliy maslahatlar berildi. Shuningdek, talabalarga gazdan foydalanishdagi asosiy xavf omillari, ularni oldini olish usullari va tez yordam xizmatlariga murojaat qilish tartibini tushuntirdi.
Tadbir ishtirokchilari xavfsizlik qoidalariga rioya qilishning ahamiyati va o‘z hayotlarini himoya qilishdagi mas’uliyat haqida o‘z savollarini berib, mutaxassislardan amaliy tavsiyalar oldilar. Shu bilan birga, har bir qatnashuvchi gaz qurilmalarini muntazam tekshirish va ularni belgilangan tartibda ishlatish bo‘yicha ko‘rsatmalar bilan tanishtirildi.
Institut tomonidan tashkil etilgan bunday targ‘ibot tadbirlari talabalarda xavfsizlik madaniyatini oshirishga, shuningdek, ijarada yashovchi talabalarning hayot va sog‘lig‘ini himoya qilishga qaratilgan.